Amudaryo tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi

Amudaryo tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi

2026-yil 17–20-avgust kunlari Amudaryo tumani Nazarxon OFY hududidagi Berdax OShPda “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi, tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi boshqarmasining Amudaryo tumani bo‘limi hamkorligida aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Tibbiy ko‘rik davomida Nazarxon ovulida istiqomat qiluvchi 346 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 36 nafar fuqaro EKG tekshiruvidan o‘tkazilib, ularning salomatlik holati mutaxassislar tomonidan chuqur o‘rganildi.

Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda yosh o‘smirlarga manzilli ko‘mak ko‘rsatildi. Jumladan, 186 nafar fuqaroga dori-darmon vositalari va ko‘zoynaklar bepul, muruvvat yordami sifatida tarqatildi.

Shuningdek, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va tibbiy savodxonlikni oshirish maqsadida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borildi. Fuqarolar bilan “Sog‘lom turmush tarzi”, “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari” hamda “Sog‘lom ovqatlanish odatlari” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlar aholining salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarni erta aniqlash, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.