Amudaryo tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik va xayriya tadbirlari o‘tkazildi

Amudaryo tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik va xayriya tadbirlari o‘tkazildi

2026-yil 24–27-avgust kunlari Amudaryo tumani Qipchoq OFY hududidagi 1-OPda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi, tuman Tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi boshqaruvining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani bo‘limi hamkorligida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik va xayriya tadbirlari tashkil etildi.

Tadbir davomida Qipchoq, Jayhun, Chayko‘l, To‘lqin, Daryo bo‘yi, Beshtam va Uishin ovullarida istiqomat qiluvchi 364 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 36 nafar fuqaroning EKG tekshiruvi amalga oshirildi.

Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarga, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlarga hamda yosh bolalarga zarur dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va bukletlar bepul muruvvat yordami sifatida tarqatildi. Jami 146 nafar fuqaroga xayriya yordami ko‘rsatildi.

Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi”, “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari” hamda “Sog‘lom ovqatlanish odatlari” mavzularida davra suhbatlari va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur tadbirlar orqali aholining salomatligini mustahkamlash, kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.