Gurlan tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi
2026-yil 24–27-avgust kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Xorazm viloyati hududiy bo‘limi “Ambulans TIP” xodimlari tuman Tibbiyot birlashmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Gurlan tumanidagi Bo‘zqal’a OShP va Oqqum OShPlarida tibbiy ko‘rik tadbirlarini tashkil etdi.
Tadbirlar davomida Bo‘zqal’a, Boldoqli, Dehqonobod, Oqqum, Olchin va Kangli mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi, xususan, ko‘p bolali ayollar hamda o‘smir qizlar zamonaviy diagnostika va davolash uskunalaridan foydalangan holda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Jami 317 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 114 nafar fuqaroga UTT va 34 nafar fuqaroga EKG tekshiruvi o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘riklar davomida aholining ehtiyojmand qatlamlariga, xususan, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlarga hamda o‘smir bolalarga muruvvat yordami ko‘rsatildi. Ularga dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi bukletlar bepul tarqatildi.
Shuningdek, xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’ruzalar va davra suhbatlari tashkil etildi. Ularda “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik — umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati” hamda “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” mavzularida tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbirlar aholining tibbiy savodxonligini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, xotin-qizlar va bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda ehtiyojmand fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.


