Tuproqqal’a tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

Tuproqqal’a tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

2026-yil 7–10-sentabr kunlari “Sog‘lom avlod uchun” XHF Xorazm viloyat hududiy bo‘limi “Ambulans” TIP xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Tuproqqal’a tumani Shixlar OShP va KTMPda tibbiy ko‘rik tadbirlarini o‘tkazdilar.

Tadbir davomida Shixlar, Saidlar, Yangi Zamin, Yoshlik, Navbahor, Muhabbat, Sahovat va Sharlouq mahallalari aholisi zamonaviy diagnostika va davolash uskunalaridan foydalangan holda chuqur tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Jumladan, ko‘p bolali ayollar va o‘smir qizlarga alohida e’tibor qaratilib, jami 322 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shundan 112 nafariga UTT, 34 nafariga EKG tekshiruvi amalga oshirildi.

Tibbiy ko‘rik davomida aholining ehtiyojmand qatlamlari, yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda bolalar va o‘smirlarga muruvvat yordami ko‘rsatilib, dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va bukletlar tarqatildi.

Shuningdek, xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik — umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati” hamda “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” mavzularida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi ma’ruzalar o‘qilib, davra suhbatlari tashkil etildi.

Mazkur tadbirlar aholining tibbiy savodxonligini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda xotin-qizlar va bolalar salomatligini muhofaza qilishga xizmat qildi.