Nukus tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

Nukus tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi

2026-yil 7–10-sentabr kunlari Nukus tumani Taqiyrko‘l OFYning O‘rnak OShP hududida “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani bo‘limi bilan hamkorlikda aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan tibbiy ko‘rik tadbirini o‘tkazdi.

Tadbir davomida Taqiyrko‘l, Qozoq, O‘zbek, Sag‘ir, Qalmen va Quli ko‘l ovullarida istiqomat qiluvchi jami 358 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 38 nafar fuqaroga EKG tekshiruvi amalga oshirilib, ularning sog‘lig‘i holati bo‘yicha tegishli tibbiy tavsiyalar berildi.

Tibbiy ko‘rik jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlar, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda yosh bolalar va o‘smirlarga bepul muruvvat yordami ko‘rsatildi. 125 nafar fuqaroga dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi bukletlar tarqatildi.

Bundan tashqari, fuqarolar o‘rtasida “Sog‘lom turmush tarzi”, “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari” hamda “Sog‘lom ovqatlanish odatlari” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi. Suhbatlarda sog‘lom hayot tarziga rioya qilish, kasalliklarni erta aniqlash, to‘g‘ri ovqatlanish va erta nikohning oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.

Mazkur tadbir aholining tibbiy savodxonligini oshirish, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, kasalliklarni erta aniqlash hamda sog‘lom va farovon jamiyatni shakllantirishga xizmat qildi.