Qiziltepa tumanida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
2026-yil 7–10-sentabr kunlari “Sog‘lom avlod uchun” XHF Navoiy viloyati hududiy filiali TIP brigadasi xodimlari Qiziltepa tumani tibbiyot birlashmasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Qiziltepa tumanidagi 20-son OPlarga qarashli Vang‘ozi, Madaniyat, Bashir, Toshmachit va Mujg‘un mahallalarida istiqomat qiluvchi fuqarolarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar.
Tibbiy ko‘rik davomida jami 276 nafar fuqaro qamrab olindi. Shundan 138 nafari ayollar, 115 nafari bolalar va 23 nafari erkaklarni tashkil etdi. Fuqarolarning salomatlik holati mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur tibbiy tavsiyalar berildi.
Tadbir davomida nogironligi bo‘lgan fuqarolar hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga alohida e’tibor qaratildi. Ehtiyojmand fuqarolarga bepul dori-darmon vositalari va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi bukletlar tarqatildi.
Shuningdek, aholi o‘rtasida “Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari” va “Sog‘lom turmush tarzi” mavzularida ma’ruzalar o‘tkazilib, sog‘lom hayot kechirish, o‘z salomatligiga mas’uliyat bilan yondashish hamda erta turmushning yoshlar hayoti va kelajagiga salbiy ta’siri yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbir aholi salomatligini muhofaza qilish, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.


