“Sog‘lom Avlod” — Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi ishtirokchisi
17 sentyabr — Xalqaro demokratiya kuni munosabati bilan Samarqand shahrida “Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbir Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi tashabbusi bilan BMT hamda BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonalari, EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Yuksalish” harakati, Progressiv islohotlar markazi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zNNTMA hamda O‘zbekiston ayollar va qizlar uyushmasi hamkorligida tashkil etildi.
Mazkur nufuzli tadbirda “Sog‘lom Avlod” tashkiloti ham faol ishtirok etmoqda. Forum doirasida fuqarolik jamiyati institutlarining demokratik taraqqiyotdagi o‘rni, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, mavjud imkoniyat va muammolar, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi muhokama qilinmoqda.
Forum ishtirokchilari o‘rtasida tajriba almashish, samarali hamkorlikni rivojlantirish va fuqarolik jamiyati institutlarining jamiyat taraqqiyotidagi rolini yanada kuchaytirishga qaratilgan fikr almashuvlar o‘tkazilmoqda.


