Nukus tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
2026-yil 14–17-sentabr kunlari Nukus tumani Arbashi OFY hududidagi Nukus OShPda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi, tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasi boshqarmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani bo‘limi hamkorligida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Tibbiy ko‘rik davomida Qozoq, Qoraqalpoq, Aday, Ko‘ne, O‘zbek va Bajban ovullarida istiqomat qiluvchi 369 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 37 nafar fuqaroning EKG tekshiruvi amalga oshirildi.
Tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlar, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda yosh bolalarga dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va bukletlar bepul muruvvat yordami sifatida taqdim etildi. Jami 158 nafar fuqaroga ushbu yordamlar yetkazildi.
Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Sog‘lom turmush tarzi”, “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari” hamda “Sog‘lom ovqatlanish odatlari” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazildi.
Mazkur tadbir aholining tibbiy savodxonligini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va ehtiyojmand fuqarolarga amaliy tibbiy-ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishga xizmat qildi.


