Tuproqqal’a tumanida aholiga chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi
2026-yil 14–17-sentabr kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining Xorazm viloyati hududiy bo‘limi “Ambulans TIP” xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Tuproqqal’a tumanida tibbiy ko‘rik tadbirini tashkil etdi.
Tadbir davomida Tuproqqal’a OShPda Xiva, Tuproqqal’a maskani, Xonqa, Gurlan, Hazorasp va Tuproqqal’a mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi, xususan, ko‘p bolali ayollar va o‘smir qizlar zamonaviy diagnostika hamda davolash uskunalaridan foydalangan holda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Jami 318 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 112 nafariga UTT va 34 nafariga EKG tekshiruvi amalga oshirildi. Tibbiy ko‘riklar davomida fuqarolarning sog‘lig‘i holati baholanib, zarur tibbiy tavsiyalar berildi.
Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda o‘smir bolalarga muruvvat yordami sifatida dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi bukletlar bepul tarqatildi.
Tadbir doirasida xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’ruzalar va davra suhbatlari ham tashkil etildi. Jumladan, “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik — umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati” hamda “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” mavzularida tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur tibbiy-ijtimoiy tadbir aholiga sifatli tibbiy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, kasalliklarni erta aniqlash, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi


