Chust tumanining chekka hududlarida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik o‘tkazildi
Joriy yilning 21–24-sentabr kunlari viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan ish rejasiga asosan Namangan viloyati SAU tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan Chust tumanining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida xayriya tadbiri tashkil etildi.
Tadbir davomida “Shoyon” OShPga qarashli “Shoyon”, “Chustnon”, “Do‘starobod” va “Qiziltepa” MFYlarida istiqomat qiluvchi kam ta’minlangan 278 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida fuqarolarga zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar berilib, ularning murojaatlari o‘rganildi. Shuningdek, aholiga bepul dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar hamda targ‘ibot bukletlari tarqatildi.
Bundan tashqari, ehtiyojmand oilalarga homiylik yordamlari ko‘rsatildi.
Mazkur xayriya tadbiri aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini mustahkamlash hamda tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qildi.


