Tuproqqal’a tumanida 317 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
2026-yilning 21–24-sentabr kunlari “Sog‘lom avlod uchun” Xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyati hududiy bo‘limi “Ambulans TIP” xodimlari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Tuproqqal’a tumanida keng qamrovli tibbiy-ijtimoiy tadbir o‘tkazildi.
Tadbir doirasida mutaxassislar Tuproqqal’a OShP va Sarimoy OShPlarda bo‘lib, Tuproqqal’a maskani, Xonqa, Gurlan, Hazorasp, Sarimoy va Nukus mahallalarida istiqomat qiluvchi aholi, xususan, ko‘p bolali ayollar hamda o‘smir qizlarni zamonaviy diagnostika va davolash uskunalaridan foydalangan holda chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdilar.
Jami 317 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 113 nafari UTT, 34 nafari EKG tekshiruvidan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘riklar davomida aholining ehtiyojmand qatlamlari, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda bolalar va o‘smirlarga alohida e’tibor qaratildi. Ularga muruvvat yordami sifatida dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va targ‘ibot bukletlari bepul tarqatildi.
Shuningdek, xotin-qizlar va tibbiyot xodimlari ishtirokida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan davra suhbatlari va ma’ruzalar tashkil etildi. Jumladan, “Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldini olish”, “Erta turmushning salbiy oqibatlari”, “Jismoniy faollik — umr kaliti”, “Sog‘lom ovqatlanish odatlari”, “Vitamin va minerallarning ahamiyati”, “Yosh bolalarni o‘z vaqtida emlashning ahamiyati” mavzularida tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.


