Qo‘ng‘irot tumanida ehtiyojmand aholi uchun tibbiy ko‘rik va muruvvat tadbiri o‘tkazildi
2026-yilning 21–24-sentabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Sog‘lom avlod uchun” xayriya fondi, tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari hamda O‘zbekiston Mahallalar uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy boshqarmasi Qo‘ng‘irot tumani bo‘limi hamkorligida Qo‘ng‘irot tumani Qutanqo‘l OFY, Qutanqo‘l OShP hududida tibbiy-ijtimoiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida Ajim, Toqimbet, Maksim qala, Jamansha-1 va Jamansha-2 ovullarida istiqomat qiluvchi ehtiyojmand aholi vakillaridan jami 354 nafar fuqaro chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, 36 nafar fuqaro EKG tekshiruvidan o‘tkazilib, ularning salomatligi bilan bog‘liq muammolari o‘rganildi hamda zarur tibbiy tavsiyalar berildi.
Tibbiy ko‘rik jarayonida yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlar, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda yosh va o‘smir bolalarga alohida e’tibor qaratildi.
Ehtiyojmand fuqarolarning 178 nafariga muruvvat yordami sifatida dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va targ‘ibot bukletlari bepul tarqatildi.
Shuningdek, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Shaxsiy gigiyena va salomatlik”, “To‘g‘ri ovqatlanish”, “Tibbiy ko‘rikning ahamiyati”, “Erta nikoh va uning salbiy oqibatlari” mavzularida davra suhbatlari va tushuntirish ishlari olib borildi.
Mazkur tadbir aholining salomatligini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishga xizmat qildi.


