XORAZM VILOYATIDA AHOLI UCHUN CHUQURLASHTIRILGAN TIBBIY KO‘RIK TASHKIL ETILDI
2026-yil 2–8-oktabr kunlari “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyati hududiy bo‘limining ambulator tibbiy-ijtimoiy patronaj (TIP) xodimlari tuman tibbiyot birlashmasi, Xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Mahallalar uyushmasi bilan hamkorlikda Shovot tumanidagi 18-, 6- va 11-sonli oilaviy poliklinikalarda tibbiy ko‘riklar tashkil etdilar.
Tibbiy ko‘riklar davomida Yangi Bo‘rloq, Gulshan, Kangli, Qo‘shko‘pir, Qiyot va Yangi O‘zbekiston mahallalari aholisi zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari yordamida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Asosan, ko‘p bolali ayollar va o‘smir qizlarga alohida e’tibor qaratilib, jami 403 nafar fuqaroning salomatligi tekshirildi. Shundan 145 nafariga ultratovush tekshiruvi (UTT), 43 nafariga esa elektrokardiografiya (EKG) tekshiruvi o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘riklar davomida aholining ehtiyojmand qatlamlari, yoshi ulug‘ otaxon-onaxonlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar hamda bolalarga muruvvat yordami ko‘rsatildi. Ularga dori-darmon vositalari, ko‘zoynaklar va bukletlar tarqatildi.


