Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasi va Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumi
2026-yil oktabr oyida Xalqaro nodavlat xayriya fondi “Sog‘lom avlod uchun” hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash rejalashtirilgan.
Mazkur memorandum O‘zbekistonning Farg‘ona, Jizzax, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida amalga oshirilayotgan “Sil kasalligiga qarshi birgalikda kurashaylik” loyihasi doirasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Loyiha AQSh Davlat departamenti tomonidan moliyalashtiriladi.
Hamkorlikning asosiy maqsadi — sil kasalligining tarqalishining oldini olish, kasallikni erta aniqlash, bemorlarni o‘z vaqtida davolanishga yo‘naltirish hamda davolanishga rioya qilish darajasini oshirishdan iborat.
Memorandum doirasida tomonlar quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi:
- Sil kasalligining oldini olish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish;
- Sil kasalligining yangi va takroriy holatlarini aniqlash hamda ma’lumotlarni o‘zaro tekshirish va tasdiqlash;
- Davolanishdan uzilib qolish xavfi yuqori bo‘lgan bemorlarni aniqlash va ularni davolanishga qaytarishga ko‘maklashish;
- Bemorlarning davolanishga rioya qilish holatini monitoring qilish;
- Tibbiyot xodimlari uchun o‘quv mashg‘ulotlari va treninglar tashkil etish;
- Sil kasalligidan zarar ko‘rgan shaxslarga tibbiy, ijtimoiy, psixologik va boshqa zarur yordamlarni ko‘rsatishga ko‘maklashish;
- Bemorlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning maxfiyligi va shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlash.
Ushbu hamkorlik sil kasalligini aniqlash va davolash samaradorligini oshirish, bemorlarning davolanishga bo‘lgan ishonchi va mas’uliyatini mustahkamlash hamda hududlarda sil kasalligiga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar — sil kasalligiga qarshi samarali kurash va sog‘lom jamiyat sari muhim qadam!


