Tinchlik va osoyishtalik posbonlari

Tinchlik va osoyishtalik posbonlari

O‘zA, Norgul Abduraimova, 27.02.2012 15:53


Suratda: tanlov g‘oliblari (chapdan) To‘rabek Qo‘nishov (Jizzax shahri “Bobur” mahallasidagi 27-militsiya tayanch punkti), Alisher Ro‘ziqulov (Navoiy viloyati Zarafshon shahri “Shaxtyor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 16-militsiya tayanch punkti), Zaynobiddin Turdaliyev (Farg‘ona viloyati Quva tumani “Akbarobod” qishloq fuqarolar yig‘inidagi 297-militsiya tayanch punkti) va Faxriddin Husanov (Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Sanchiqul” mahallasidagi 250-militsiya tayanch punkti).

Mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni yanada mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olishda ichki ishlar idoralari xodimlari, xususan, profilaktika inspektorlarining ham hissasi katta. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Namunali militsiya tayanch punkti” an’anaviy ko‘rik-tanlovi mahallalardagi militsiya tayanch punktlari infratuzilmasi va faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qilayotir.

“Turkiston” saroyida mazkur tanlovning 2011 yil natijalari bo‘yicha yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant B.Matlyubov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda inson manfaatlari, huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat sifatida ta’minlanayotganini alohida ta’kidladi. Ayni paytda mamlakatimizning rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olishini ta’minlash, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan ezgu ishlarda yurtimizdagi barqarorlik, tinch va osoyishta hayot muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu jarayonda ichki ishlar idoralarining ijtimoiy hayotdagi roli va mavqeini, jamoatchilik, ayniqsa, mahallalar bilan aloqasini mustahkamlash masalasi – doimiy e’tiborda. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi mavjud 3558 militsiya tayanch punktining 70,5 foizining atrofida fakultativ to‘garaklar, 72,5 foizining atrofida kichik biznes shoxobchalari hamda 84,8 foizining atrofida voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun jihozlangan sport maydonchalari faoliyat yuritmoqda.

Profilaktika inspektorlari, mahallalar oqsoqollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, xotin-qizlar kengashi, yarashtirish komissiyasi va posbonlarning bir joyda, zamonaviy jihozlar va zarur aloqa vositalari bilan ta’minlangan binolarda o‘zaro hamkorlikda faoliyat yuritayotgani ish samaradorligini oshirmoqda. 2011 yilda 2 ming 254 mahallada birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani bu boradagi sa’y-harakatlar natijasidir.

Mazkur ko‘rik-tanlovning yakuniy bosqichida viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 14 militsiya tayanch punkti ishtirok etdi. Tanlov sohadagi eng ilg‘or tajriba va yutuqlarni targ‘ib qilish va militsiya tayanch punktlari o‘rtasida keng ommalashtirishda alohida ahamiyat kasb etayotir.

Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Sanchiqul” mahallasidagi 250-militsiya tayanch punkti, Farg‘ona viloyati Quva tumani “Akbarobod” qishloq fuqarolar yig‘inidagi 297-militsiya tayanch punkti, Navoiy viloyati Zarafshon shahri “Shaxtyor” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 16-militsiya tayanch punkti, Jizzax shahri “Bobur” mahallasidagi 27-militsiya tayanch punktlari birinchi o‘ringa loyiq topildi. G‘oliblarga “Matiz” avtomashinalari topshirildi.

– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan profilaktika xizmatining tashkil etilgani va tobora takomillashtirilayotgani xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini mustahkamlashga xizmat qilayotir, – deydi tanlov g‘olibi, Paxtachi tumani “Sanchiqul” mahallasidagi 250-militsiya tayanch punkti inspektori, kapitan Faxriddin Husanov. – Militsiya tayanch punktimiz ikki qavatli, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan binoda joylashgan. Aholi maslahat olishi uchun zarur bo‘lgan huquqshunos, soliqchi, yong‘in nazorati, yo‘l harakati noziri kabi yigirma ikki xil xizmat uchun xonalar, burchaklar tashkil qilingan. Turli hunar va sport to‘garaklari muntazam ishlab turibdi. Aholi, ayniqsa, yoshlar bandligining ijobiy hal etilayotgani samarasida 21 ming aholi istiqomat qiladigan mahallamizda o‘tgan yili birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Tanlovda ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan militsiya tayanch punktlari ham aniqlandi. Tanlovning “Eng faol profilaktika inspektori”, “Eng fidoyi mahalla raisi”, “Eng faol mahalla posboni”, “Ibratli xotin-qizlar komissiyasi raisi”, “Adolatli yarashtirish komissiyasi”, “Barkamol avlod yetakchisi” kabi nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Aripov so‘zga chiqdi.

So‘nggi yangiliklar:

Pillakorlar uchun seminar

Qonun loyihasi keng muhokama etilmoqda

Komissiya majlisi

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturi to‘g‘risida

Har bir bola mehr va e’tiborda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари