Faol yoshlar – kelajagimiz

Faol yoshlar – kelajagimiz

O‘zA, X.Mamatrayimov, 28.02.2012 16:09

Termiz shahrida Prezidentimiz Islom Karimovning Toshkentda o‘tkazilgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiya ochilish marosimidagi nutqining mazmun-mohiyatini yoshlarga yanada kengroq tushuntirishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tuman va shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, xotin-qizlar qo‘mitasi raislari, viloyat o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari, “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat bo‘limi rahbarlari, boshqa jamoat tashkilotlari vakillari, professor-o‘qituvchilar, akademik litsey va kollejlarning direktorlari, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi N.Choriyev boshqargan tadbirda takidlanganidek, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda har tomonlama sog‘lom, yuksak salohiyatga ega, chuqur bilimli barkamol avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yurtboshimizning qator farmon va qarorlari, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinib, bosqichma-bosqich amalga oshirilgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.

O‘tgan yillar mobaynida mamlakatimizda ta’lim tizimi tubdan isloh qilinib, jahon talablariga javob beradigan umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari barpo etildi va zamonaviy usulda jihozlanib, yoshlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha qulaylik yaratildi.

Surxondaryo viloyatida beshta akademik litsey, 115 kasb-hunar kolleji qurildi, 25 yangi maktab bunyod etildi. 241 maktab kapital rekonstruksiya qilindi, 364 maktabda kapital va 194 maktabda joriy ta’mirlash ishlari bajarildi.

2011 yili qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida barpo etilgan yangi uy-joy massivlarida beshta maktab qurildi. Termiz davlat universiteti tubdan rekonsturiksiya qilindi, ayni paytda uning yangi o‘quv korpuslari barpo etilmoqda. Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 101 sport inshooti, 8 bolalar musiqa va san’at maktabi qurilib, zamonaviy usulda jihozlandi.

Joriy yilda ham bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil Uzun, Boysun, Denov, Sariosiyo tumanlari qishloqlarida o‘nga yaqin kasb-hunar kollejlarining filiallari qad rostlaydi. Qator kollejlarda o‘quvchilar uchun barcha sharoitlarga ega yotoqxonalar qurilib, foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 11 maktab kapital rekonstruksiya qilinib, yettita umumta’lim, ikkita bolalar va o‘smirlar sport maktablari kapital ta’mirlanadi. Uchta yangi musiqa va san’at maktabi quriladi. To‘rtta qo‘shimcha sport zali bunyod etilib, zarur anjomlar bilan jihozlanadi. Termiz shahrida “Yoshlar markazi” barpo etiladi.

Davlatimiz tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan bunday zamonaviy shart-sharoitlar natijasida voha yoshlari ilm-fan, san’at va sport sohalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Ulardagi ertangi kunga ishonch hissi yanada mustahkamlanmoqda.

– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yuksak bilimli va intellektual rivojlangan avlodni tarbiyalash – mamlakatni barqaror taraqqiy ettirish va modernizatsiya qilishning eng muhim sharti” mavzuidagi xalqaro konferensiyani katta qiziqish bilan kuzatdik, – deydi Termiz davlat universiteti talabasi Nigora Normurodova. – Matbuot orqali xorijlik taniqli mutaxassis va professor-o‘qituvchilarning mamlakatimiz ta’lim tizimi haqidagi fikrlari bilan tanishdik. Parijdagi “Panteon Sarbonna” universiteti vitse-prezidenti Andre Ervyening “O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnomaligida barcha sohalarda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari, jumladan, yoshlarning bilim olishi uchun yaratilgan keng imkoniyatlar har qanday kishida havas uyg‘otadi. Ilg‘or texnologiyalar bilan jihozlangan zamonaviy ta’lim maskanlarini barpo etish borasida qabul qilingan qonunlar, ishlab chiqilgan dasturlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda”, degan fikrlarini o‘qib, chin dilimdan g‘ururlandim. Chunki biz ta’lim olayotgan yangi o‘quv binosida ham yoshlarning kasb sirlarini mukammal egallashi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Keng va yorug‘ xonalar kompyuter va boshqa zamonaviy uskunalar, ko‘rgazmali qurollar bilan jihozlangan. Elektron doskalar o‘rnatilgan, kompyuterlar internet tarmog‘iga ulangan.

– Bizning o‘qib-izlanishimiz, o‘z salohiyatimizni namoyish etishimiz uchun g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz, – deydi Denov tumanidagi 3-akademik litseyning o‘quvchisi Dildora Hafizova. – Xalqaro konferensiya ishtirokchilari mamlakatimiz yoshlarining ta’lim olishi va sport bilan shug‘ullanishi, salomatligini mustahkamlashi uchun yaratib berilgan keng imkoniyatlar bilan yaqindan tanishar ekan, sohada erishgan yutuqlarimizni alohida e’tirof etdi. Lissabon universiteti prorektori Tereza Sid xonim ikki mamlakat ta’lim tizimini qiyoslar ekan, Portugaliyada yoshlar xususiy maktab va universitetlarda o‘qishini qayd etib, mamlakatimizda davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiq va bepulligiga havas qilganini ta’kidladi. Uning e’tirof etishicha, davlatga qarashli maktab va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim berish darajasi va sifati xususiylarga nisbatan ancha yuqori va ishonchlidir. Yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik mutaxassis va olimlarning yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarga bunday yuksak baho berishi biz, yoshlarni yanada ko‘proq izlanib, o‘qishga, kelajakda Vatan koriga yaraydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishga da’vat etmoqda.

Uchrashuvda yoshlarni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, milliy qadriyat va urf-odatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

So‘nggi yangiliklar:

Temir yo‘l infratuzilmasiga investitsiyalar jalb qilish – iqtisodiyotni yanada rivojlantirishning muhim omili

Qurilish sanoati yutuqlari namoyish etilmoqda

Mudofaa vazirligida uchrashuv

Yigitlar harbiy xizmatga yo‘l olmoqda

Muvofiqlashtiruvchi kengash yig‘ilishi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари