Matbuot va fuqarolik jamiyati

Matbuot va fuqarolik jamiyati

O‘zA, Yorqul Umar, 16.01.2012 13:23

Navoiy shahrida “Ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ularning fuqarolik jamiyati institutlari tizimidagi mavqeini mustahkamlash omili” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil institutining Navoiy xududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, viloyat ommaviy axborot vositalari rahbarlari, matbuot va axborot sohasi xodimlari ishtirok etdi.

Davra suhbatida Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida axborot sohasini isloh qilish, axborot va so‘z erkinligini ta’minlash borasida ham muhim vazifalar belgilab berilgani va bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar axborot sohasi rivojiga, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini ta’minlash, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish borasidagi rolini kuchaytirishga xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbarining 2011 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalarini yanada rivojlantirish uchun qo‘shimcha soliq imtiyozlari va afzalliklar berish to‘g‘risida”gi qarori milliy matbuotimiz va jurnalistika sohasi rivojiga bo‘lgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir namunasi bo‘ldi.

Ushbu qarorga muvofiq, 2012 yilning 1 yanvaridan ommaviy axborot vositalari tahririyatlari va nashriyotlar ijtimoiy-siyosiy hamda bolalar adabiyotini, imkoniyatlari cheklangan shaxslar (ko‘zi ojizlar, kar-soqovlar va boshqalar) uchun adabiyotlarni sotishdan olingan foydadan foyda solig‘ini hamda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘ini to‘lashdan besh yil muddatga ozod etildi.

– Bosmaxonamizda viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 30 dan ortiq nashrlar, shuningdek, Buxoro va Samarqand viloyatlaridagi o‘ndan ziyod gazetalar chop etilmoqda, – deydi Navoiy viloyatidagi “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalari tahririyati davlat korxonasi rahbari Olga Sashina. – Bundan tashqari, afishalar, bukletlar, taklifnomalar, ish hujjatlari, kitoblar nashr qilish kabi bir necha xizmatlarni yo‘lga qo‘yganmiz. Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan qaroriga asosan berilgan imtiyozlar faoliyatimiz rivojiga, korxonamiz moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarimiz moddiy manfaatdorligini oshirishga xizmat qiladi.

Davra suhbati ishtirokchilari ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunlar loyihalari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirdi.

So‘nggi yangiliklar:

Biz – bir oila farzandlarimiz

Mahorat mashg‘ulotda oshadi

Yosh iste’dodlar bellashuvi

Biz – yagona oila farzandlarimiz

Hamkorlik yanada kuchayadi

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари