Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

O‘zA, R. Bondarchuk, Asqar Yoqubov (surat), 31.01.2012 18:06

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirish, bolalar va o‘smirlarni sport hamda jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda sport, ayniqsa, bolalar sporti davlat tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu esa uning ommalashuvi va sportchilarni tayyorlash sifatini oshirishga yordam berayotir. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi ham bu borada salmoqli ishlarni amalga oshirmoqda. Jamg‘arma sa’y-harakatlari va mablag‘lari evaziga bolalar sportini rivojlantirish, ta’lim muassasalari uchun zamonaviy moddiy-texnika bazasini yaratish, sport majmualari, sport inshootlari hamda tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli kompleks tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jamg‘arma tomonidan mamlakatimizning barcha joylarida sport obyektlari barpo etilmoqda va rekonstruksiya qilinmoqda. Bu, o‘z navbatida, respublikamizning eng chekka tumanlarida ham sport va jismoniy tarbiya bilan ommaviy shug‘ullanish imkonini beryapti. Masalan, poytaxtimizda birgina o‘tgan yilda 17 sport obyekti qurilib, rekonstruksiya qilindi, o‘zimizda ishlab chiqarilgan zamonaviy sport inventarlari bilan jihozlandi.

Maktabdan tashqari sport-ta’lim muassasalari ham bolalar sportini rivojlantirishga katta hissa qo‘shayotir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 sentabrda qabul qilingan “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ayni paytda bolalar va yoshlarning maktabdan tashqari sport ta’limi tizimini takomillashtirishga doir keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu tizimning muhim bo‘g‘ini bo‘lgan sport maktablarida bolalar va yoshlar jismoniy tarbiya bilan muntazam shug‘ullanmoqda, ularning salomatligini mustahkamlash, jismonan rivojlanishi va sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan jismoniy-sog‘lomlashtirish, sport hamda tarbiyaviy ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada 23-olimpiya zaxiralari ixtisoslashgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi ham katta yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda.

– Maktabimiz 1996 yili tashkil topgan bo‘lib, 2000 yilda olimpiya zaxiralari maktabi maqomini oldi, – deydi maktab direktori Luiza Hikmatova. – Dastlab, bu yerda ikkita – suzish va slalomda eshkak eshish bo‘limi bor edi. Hozir maktabimizda sinxron suzish, baydarka va kanoeda eshkak eshish, suzish, suvga sakrash, tennis va sport raqsi bo‘yicha bo‘lajak sportchilar tayyorlanmoqda hamda o‘qitilmoqda.

Bugungi kunda maktabda 800 nafardan ortiq o‘g‘il-qiz olti yo‘nalish bo‘yicha o‘qimoqda. Ularning aksariyati o‘z sport yo‘nalishi bo‘yicha katta muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lib, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yoki a’zolikka nomzodlardir. Maktabimiz o‘quvchilari orasida mamlakat va Osiyo chempionlari ko‘p. Masalan, Andrey Pekut 2009 yilda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni egalladi. Sinxron suzish bo‘yicha mamlakatimiz terma jamoasi tarkibi ham bizning o‘quvchilarimizdan iborat. Keyingi ikki yilda maktabimiz suzish havzasida “Umid nihollari” sport musobaqalarining shahar saralash bosqichi o‘tkazib kelinmoqda va bu bellashuvlarda o‘quvchilarimiz yuqori natijalarni ko‘rsatmoqda. 2012 yilda terma jamoasi tarkibida tarbiyalanuvchilarimiz ishtirok etayotgan poytaxtimizning Olmazor tumani umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Maktab o‘quvchilari erishayotgan yutuqlar o‘quv-mashq jarayonlarining puxta tashkil qilingani va o‘tkazilayotgani samarasidir. Ushbu jarayonlar o‘qitishning barcha bosqichlarida sport yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorgarlikning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshirilmoqda, bu borada ilg‘or ilmiy texnologiya hamda uslublar joriy etilmoqda.

– Suzish bilan to‘qqiz yoshimdan shug‘ullanaman, – deydi shu maktab o‘quvchisi Anastasiya Ro‘zmetova. – Maktabda o‘tkazayotgan yillarim hayotimning muhim bosqichi bo‘ldi. Men bu yerda sinxron suzish sport turini qat’iy tanladim.

A.Ro‘zmetova sinxron suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, 2009 yilgi Osiyo o‘yinlarining kumush medali sohibasi. Sinxron suzish nafis sport turlaridan biri bo‘lib, kuchli jismoniy tayyorgarlikni, qat’iyat, epchillik va mahoratni talab qiladi.

Maktabda sport sohasida katta tajribaga ega 35 nafar yuqori malakali murabbiy mashg‘ulotlar va tarbiyaviy ishlarni olib bormoqda.

– Mana 15 yildirki, suzish bo‘yicha o‘z tajribamni shogirdlarimga o‘rgatib kelmoqdaman, – deydi katta murabbiy Tatyana Sorokina. – Shu vaqt ichida maktabimizdan ko‘plab yaxshi sportchilar yetishib chiqdi, ularning aksariyati keyinchalik murabbiylik kasbini tanladi va, o‘z navbatida, to‘plagan tajriba hamda bilimlarini bugungi kunda shogirdlariga o‘rgatmoqda.

Ulardan biri – O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutining 2-bosqich talabasi Dadaxon Karimovdir. Suzish bo‘yicha sport ustasi unvoniga ega bo‘lgan D.Karimov bu yerda malaka oshirmoqda va murabbiy bo‘lib ishlamoqda. Mazkur maktab o‘quvchilari bu yil qishki shahar birinchiligida ishtirok etib, ajoyib natijalarni ko‘rsatdilar. Dilrabo Sultonova 50 metrga erkin va batterflyay usulda suzish bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi, Mohira Fayzullayeva turli masofalarga erkin suzishda uch marta birinchilikni qo‘lga kiritdi, Anastasiya Vitalyeva 50 metrga chalqancha suzishda ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bu yerda o‘z salohiyati va imkoniyatlarini namoyish qilayotgan ko‘plab iqtidorli o‘g‘il-qizlar tarbiyalanmoqda.

Bolalar sport maktabining vazifasi sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ularning eng kuchlilariga shahar va mamlakat terma jamoalari safidan o‘rin olishda ko‘maklashishdan iborat. Boshlang‘ich guruhlarga bolalar har yili sentabr oyida saralab olinadi. Murabbiylar umumta’lim maktablari, mahallalardan iste’dodli o‘g‘il-qizlarni izlab topadi.

Bu yerda o‘quv-mashq va tarbiya jarayonini samarali o‘tkazish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Suzish, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiylar, instruktorlardan iborat yuqori malakali mutaxassislar jamoasi bolalar bilan shug‘ullanadi, tibbiyot xodimlari ular salomatligini muntazam kuzatib boradi. Maktabda ikkita suzish havzasi bor. 2010 yilda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan maktab kapital ta’mirlandi, yangi mebel va inventarlar olindi.

Maktabda sportchi yoshlarni tayyorlash bo‘yicha besh bosqichdan iborat ko‘p yillik tizim muvaffaqiyatli qo‘llanmoqda. Murabbiylar turli yosh va darajadagi 64 guruhda ish olib borayotir. O‘quvchilarning mahorati oshgan sayin guruhlarda ularning soni kamayib boradi va bu murabbiylarga har bir tarbiyalanuvchiga ko‘proq vaqt ajratish, alohida yondashish, o‘qitish sifatini oshirish imkonini beradi. Yosh sportchilar erishayotgan yutuqlar esa ularning mehnatsevarligi va katta salohiyatga ega ekanidan dalolatdir.

So‘nggi yangiliklar:

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Xorijdan xabarlar

Мулоҳаза билдириш