O‘zbekiston dunyoning taraqqiy etgan davlatlari safidan mustahkam joy olmoqda

O‘zbekiston dunyoning taraqqiy etgan davlatlari safidan mustahkam joy olmoqda

O‘zA, Madina Umarova, 29.03.2012 12:31

Betakror va tarovatli mamlakatimizning qadimiy obidalari, zamonaviy inshootlari, xushmanzara tabiati va fayzli go‘shalari hech bir sayyohni befarq qoldirmaydi. Bugun go‘zal poytaxtimiz ko‘chalarida ham ko‘plab sayyohlarni uchratish mumkin. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA muxbiri ulardan ayrimlarining taassurotlari bilan qiziqdi.

Naum Lim (Singapur):

– Kasbim – o‘qituvchilik, xizmat safari yuzasidan ko‘plab davlatlarda bo‘lganman. Qaysi mamlakatga bormay, u yerdagi ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar bilan qiziqaman. Toshkentdagi qator ta’lim muassasalari faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Ulardagi resurs markazlari, elektron kutubxonalar, zamonaviy auditoriyalar, ilmiy-ma’rifiy tadbirlar uchun mo‘ljallangan zallar, sport maydonchalari xalqaro talablar darajasida bunyod etilgani va jihozlanganiga guvoh bo‘ldim.

O‘zbekistonda jahondagi yetakchi oliy ta’lim dargohlarining filiallari tashkil etilgani sohada erishilayotgan yutuqlardan, ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotganidan dalolatdir. Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti buning tasdig‘idir.

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, hech bir mamlakat meni O‘zbekistondek o‘ziga maftun etmagan. Sharq va G‘arbni bir-biriga bog‘lab kelgan, me’moriy obidalar va muqaddas qadamjolarga boy, sivilizatsiya beshiklaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston har qanday kishini hayratga solishi shubhasiz.

Jexan Bertye (Fransiya):

– Toshkentga bundan o‘n ikki yil avval kelgan edim. Shaharni sayr qilar ekanman, uning tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib, o‘zgacha chiroy ochganini ko‘rib, lol qoldim. Bu maftunkor zaminda amalga oshirilgan mislsiz bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari har qanday sayyohni maftun etadi.

Bu yil Amir Temur tavalludining 676 yilligi nishonlanadi. Uning o‘zbek davlatchiligi tarixida tutgan o‘rni, amalga oshirgan bunyodkorlik ishlari, Amir Temur va temuriylar davrida barpo etilgan me’moriy obidalar Sohibqironning buyuk iqtidor va salohiyat sohibi ekanidan dalolatdir. Fransiyada ham bu buyuk siymoga ulkan hurmat va ehtirom bilan qarashadi. Parijda Amir Temur haykali barpo etilgan. Hozirgi kunda Amir Temur tarixini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish kuchayib bormoqda. Parijda maxsus «Temuriylar» jurnali chop etilayotganligi buning dalilidir. Amir Temur jahon xalqlari tarixi va sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxsdir.

Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyini tomosha qilish imkoniga ega bo‘lganimdan g‘oyat xursandman.

Grejers Larsen (Daniya):

– O‘zbekistonga oilam bilan keldim. Yurtingizga ilk sayohatimiz mazmunli o‘tmoqda. Farzandlarimning xursandligini aytmaysizmi. Bu yerda bolalarning maroqli dam olishi uchun yaratilgan keng va qulay sharoit eng rivojlangan mamlakatlardagidan aslo qolishmaydi.

Daniyada ham oilaga katta e’tibor bilan qaraladi. Ota-onaga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, bayramlarda yaqinlari holidan xabar olish, bayramona bezatilgan dasturxon atrofida butun oilaning jamuljam bo‘lib o‘tirishi – odat. Ammo bu borada o‘zbeklardan o‘rgansa arziydigan jihatlar ko‘p ekan. Men yurtingizda oilaviy mehr-muhabbat taftini his etdim. Prezident Islom Karimov tomonidan joriy yilning O‘zbekistonda Mustahkam oila yili deb e’lon qilingani jamiyatning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan oila institutini mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e’tiborning amaldagi ifodasidir.

O‘zbekiston milliy qadriyatlarni tiklash va mustahkamlash, urf-odatlarni va an’analarni izchil davom ettirish borasida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlar tufayli ham dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari safidan mustahkam joy olmoqda.

Kalamiddin Zaynal (Malayziya):

– Toshkent, Xiva, Samarqand, Buxoro… Bunday qadimiy shaharlardagi betakror me’moriy obidalar va muqaddas qadamjolar butun dunyoga mashhur. Shu bois ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonga kelishni xush ko‘radi. Bu yurtni bir marta ko‘rgan kishi unga butunlay maftun bo‘lib qoladi. Har kelganimda sayyohlik sohasida yuz berayotgan ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib quvonaman. Sayohat qilayotgan har qanday inson biron davlatga borar ekan, avvalo o‘zining didiga, imkoniyatiga mos mehmonxona izlaydi. Tabiiyki, sayyohlar keladigan mehmonxonalar shinam, ozoda, xalqaro talablar darajasida, o‘sha mamlakatning milliy urf-odatlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lishi darkor. O‘zbekistonda ana shunday talablarga javob bera oladigan, yuqori servis xizmati yo‘lga qo‘yilgan mehmonxonalar soni ortib borayotir. Buni nafaqat Toshkentda, balki mamlakatingizning boshqa shaharlarida ham kuzatish mumkin.

So‘nggi yangiliklar:

Xayrli tadbirlar davom etmoqda

Ilmiy-amaliy anjuman

Oila – musavvirlar nigohida

FHDYO – yangi binoda

Sud ekspertizasi takomillashmoqda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари