Oila mustahkamligi va jurnalist mas’uliyati

Oila mustahkamligi va jurnalist mas’uliyati

O‘zA, Nazokat Usmonova, 30.03.2012 15:21

Toshkentda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyati” mavzuida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Insonning ilk dunyoqarashi, ma’naviyati, o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminga daxldorlik hissi dastlab oila bag‘rida shakllanadi. Shu bois Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda oilani muqaddas bilish, uning yoshlar tarbiyasidagi o‘rnini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2012 yil 27 fevralda qabul qilingan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi to‘g‘risida»gi qarori oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, uning huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoyalash va qo‘llab-quvvatlashni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va ahamiyatiga bag‘ishlangan videokonferensiyada shular haqida so‘z bordi. Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan anjumanda Samarqand, Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan media soha xodimlari ishtirok etdi.

Konferensiyada xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, ezgu an’ana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yoshlarni har jihatdan barkamol insonlar etib voyaga yetkazish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Bunday ezgu ishlarni, “Mustahkam oila – jamiyat tayanchi” degan tuyg‘uni xalqimiz, ayniqsa, yoshlar qalbi va ongiga singdirish, mustaqillik yillarida oilalarni mustahkamlash borasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini jamoatchilikka yanada keng, izchil yetkazish ommaviy axborot vositalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

Mamlakatimizda oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning farovonligini oshirish, onalar va bolalar manfaatlarini ta’minlash, millat genofondini yanada sog‘lomlashtirish, bunda mahallalarning ishtirokini yanada kuchaytirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Sog‘lom avlodni dunyoga keltirish, ularni yuksak intellektual salohiyat egalari etib tarbiyalash borasidagi ishlar jahonning ko‘plab davlatlarida ibrat olishga arzigulik tajriba sifatida o‘rganilmoqda.

Bugun oilaning huquqiy, ma’naviy, iqtisodiy asoslarini mustahkamlash, mustaqil hayot ostonasiga endi qadam qo‘ygan yigit-qizlarga moddiy va ma’naviy yordam berish, xotin-qizlarni sog‘lomlashtirishga doir amaliy chora-tadbirlar ko‘lami va hajmi tobora ortmoqda. Ushbu sa’y-harakatlarning mohiyatini jamoatchilikka yetkazish, keng va tahliliy yoritib borish ommaviy axborot vositalari vakillarining yanada faolroq bo‘lishini taqozo etmoqda. Ayni paytda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, jamiyatimizda yuksak ma’naviy muhitni qaror toptirish, milliy mentalitetimizga yot g‘oyalarga qarshi turishda oilaning o‘rni va ahamiyatini oshirish ham jurnalistlar oldidagi dolzarb vazifalardandir.

Bu borada ommaviy axborot vositalarida qadriyatlarimizning bardavomligini ta’minlash, oilalarni yanada mustahkamlashga oid materiallar muntazam yoritilmoqda. Tadbirda “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirish ishlarini yoritishga doir tajribalar, jumladan, milliy media tizimda tashkil qilingan “2012 yil – Mustahkam oila yili”, “Ahil mahalla”, “Baynalmilal mahalla”, “Mahalla: bugun va ertaga”, “Oila – jamiyat tayanchi”, “Oila sog‘lom ekan ― jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan ― mamlakat barqaror” kabi maxsus ruknlar orqali fuqarolarni axborot bilan to‘la ta’minlash usullari haqida fikr almashildi. Oilalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga doir ezgu ishlar ko‘lamidan yurtimiz va jahon jamoatchiligini tezkor, xolis, samarali va ta’sirchan tarzda xabardor etib borish maqsadida internet nashrlar, gazeta va jurnallarning veb-saytlari faoliyatini yanada jonlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturi tadbirlari bajarilishining samaradorligini oshirishga davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining qo‘shgan hissasini ommaviy axborot vositalarida chuqur tahliliy yondashuvga tayangan holda targ‘ib etish zarurligi ta’kidlandi.

So‘nggi yangiliklar:

Oila mustahkamligi va jurnalist mas’uliyati

Buyurtmachilar ko‘paymoqda

Milliy o‘yinlar jozibasi

Ob-havo ma’lumoti

Bosh sovrinni ko‘zlab…

Javob berish