Mahalla – oilaviy biznes markazi

Mahalla – oilaviy biznes markazi

O‘zA, N.Abduraimova, 29.03.2012 19:36

Mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish jarayonida mahalla institutini rivojlantirish, uning joylarda o‘zaro hamjihatlik muhitini qaror toptirish, osoyishtalik va farovonlikni ta’minlashdagi o‘rni va rolini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Prezidentimiz Islom Karimovning shu yil 27 fevralda qabul qilingan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarorida jamiyat hayotida mahalla institutining rolini yanada oshirish, Mustahkam oila yili maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etishda mahalla va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari ahamiyatini kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlangan. Zero, “mustahkam oila” degan g‘oyaning hayotimizdagi amaliy ifodasini ko‘rishda, hech shubhasiz, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idorasi sifatida nom qozongan mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyosdir.

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani mahallani xususiy tadbirkorlik va oilaviy biznes markaziga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlandi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi A.Ahmedov mahallalarda xususiy tadbirkorlik, oilaviy biznes va hunarmandchilik rivojiga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.

Hozir yurtimizda 4 milliondan ortiq oila o‘z tomorqasiga ega bo‘lib, 495 ming gektar yer maydoni ularning ixtiyorida. Xonadonlarda 7 milliondan ortiq qoramol va sog‘in sigir boqilmoqda. Sabzavot, meva va poliz mahsulotlarining asosiy qismi aholi tomorqasida yetishtirilmoqda.

Joriy yilda bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanishga e’tibor kuchaydi. Fuqarolar yig‘inlari tegishli tashkilotlar bilan birgalikda aholiga sabzavot va poliz ekinlari urug‘lari hamda ko‘chatlarini yetkazib bermoqda. Jumladan, 2012 yilning birinchi choragida bir milliard so‘mlik urug‘lar xayriya sifatida berildi. Shu bilan birga, aholi orasida tomorqadan samarali foydalanish, bu borada davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar haqida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Oilaviy biznes va xususiy tadbirkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi savdo va xizmat ko‘rsatishdir. Mahallalarda ushbu sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan birgalikda izchil ishlar olib borilmoqda.

Tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida ishlab chiqilayotgan va qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlari bu boradagi ishlarni yanada kengaytirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.

Tadbirda jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

So‘nggi yangiliklar:

Oila mustahkamligi va jurnalist mas’uliyati

Buyurtmachilar ko‘paymoqda

Milliy o‘yinlar jozibasi

Ob-havo ma’lumoti

Bosh sovrinni ko‘zlab…

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари