Tashabbuskor yoshlar forumi

Tashabbuskor yoshlar forumi

O‘zA, Yorqul Umar, 29.03.2012 19:32

“O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi va “Ayollar kengashi” jamoat birlashmasi joylarda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning tashabbus va iste’dodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Biz – bir jamoa, biz – bir oila” ijtimoiy aksiyasini o‘tkazmoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning joriy yil 27 fevralda qabul qilingan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilayotgan ushbu aksiya iste’dodli yigit-qizlarni aniqlash, rag‘batlantirish, ularning bilim va mahoratini oshirish, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash, yoshlarning ilg‘or tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash kabi ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Navoiyda o‘tgan mazkur aksiyaning asosiy tadbirlari “Yoshlar saroyi” va pedagogika institutida tashkil etildi.

Tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, iqtidorli va tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni munosib rag‘batlantirish, ularni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng jalb etish masalalariga alohida e’tibor berilayotgani ta’kidlandi.

Navoiy davlat pedagogika institutida o‘tgan “Dillemma” bahs-munozara loyihasining final bosqichi, “Kelajak ovozi – 2012” respublika ko‘rik-tanlovining targ‘ibot tadbiri, “Kelajak press” loyihasi, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari asoslari taqdimoti, “Lingo camp” xorijiy tillarni o‘rganish loyihasi, “Yoshlar jurnalistikasi taraqqiyoti” kabi seminar-treninglarda yoshlar faol ishtirok etdi.

“Ta’lim va karyera” ko‘rgazmasida esa institut professor-o‘qituvchilari va yosh tadqiqotchilar qatnashdi. Unda ta’lim tizimini takomillashtirish borasidagi bir qator istiqbolli loyihalar, ratsionalizatorlik takliflari namoyish etildi.

Aksiya doirasida o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasida Navoiy shahridagi yuzdan ziyod korxona, tashkilot va muassasalar o‘zlarining mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdi.

– Yarmarkada ikki yuz nafar yosh mutaxassis ishga kirish uchun yo‘llanma oldi, – deydi Navoiy shahar Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori Rahimjon Elmurodov. – Shuningdek, ko‘plab yoshlarga mehnat qonunchiligi bo‘yicha tegishli maslahatlar berildi.

– Navoiy texnika-iqtisodiyot kollejini tugatganman, – deydi Karmana tumanida yashovchi Aziz Latipov. – Tashabbuskor yoshlar forumi doirasida o‘tkazilgan mehnat yarmarkasida qatnashib, Navoiy elektr tarmoqlari idorasiga ishga kirish uchun yo‘llanma oldim. O‘z mutaxassisligim bo‘yicha ish topganimdan xursandman. Bunday tadbirlar biz, yoshlarni hayotda o‘z o‘rnimizni topishimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Yoshlar saroyi”da o‘tgan tadbirda qatnashgan mutasaddi tashkilotlar vakillari, iste’dodli yoshlar, talabalar, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi faollari yangi g‘oya va tashabbuslar xususida fikr almashdi.

– Bunday tadbirlarda yangiliklardan xabardor bo‘lib, bilimimizni oshirmoqdamiz, – deydi Navoiy davlat pedagogika institutining xorijiy filologiya fakulteti talabasi Farangiz Solixo‘jayeva. – Ko‘plab do‘stlar orttirayapmiz. Tadbirlar biz, yoshlar uchun har jihatdan foydali bo‘lmoqda.

“Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazining “Hayot uchun” oila forum-marafoni Navoiy shahridagi “Amfiteatr” va Xalqlar do‘stligi shoh ko‘chasida o‘tkazildi. Unda Navoiy, Karmana va Navbahor tumanlari yoshlari faollik ko‘rsatdi.

Ikki kun davom etgan Tashabbuskor yoshlar forumi Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida aksiya faollarini taqdirlash va gala-konsert bilan yakunlandi.

Tadbirda Navoiy viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.

So‘nggi yangiliklar:

Oila mustahkamligi va jurnalist mas’uliyati

Buyurtmachilar ko‘paymoqda

Milliy o‘yinlar jozibasi

Ob-havo ma’lumoti

Bosh sovrinni ko‘zlab…

Javob berish