Xalqaro anjuman

Xalqaro anjuman

O‘zA, Madina Umarova, 30.03.2012 18:36

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi, O‘zbekiston xususiy sayyohlik tashkilotlari uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda sayyohlik sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilot va idoralar, firma va kompaniyalar, mehmonxonalar vakillari, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etdi.

O‘zbekiston – zamonaviy sayyohlik infratuzilmasiga ega mamlakatlardan. So‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalar singari sayyohlik yo‘nalishida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ushbu soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish, sayyohlik va mehmonxona biznesi va menejmenti yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro talablar darajasidagi kadrlar tayyorlash borasida samarali ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Turizm to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida“gi qonunlari, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, davlatimiz rahbarining “O‘zbekistonda turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash to‘g‘risida”gi farmoni va boshqa hujjatlar bunda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro turizm fakulteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, poytaxtimizdagi Singapur menejmentni rivojlantirish institutida, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlaridagi turizm kasb-hunar kollejlarida sayyohlik marketingi va menejmenti, xizmat ko‘rsatish, xalqaro turizm, mehmonxona xo‘jaligi va restoran ishi yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro turizm fakultetida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashishga alohida e’tibor qaratilayotir. Universitet Buyuk Britaniya, AQSH, Misr, Kanada, Gretsiya, Italiya, Rossiya, Ukraina kabi mamlakatlarning turdosh oliy o‘quv yurtlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatgan.

Mamlakatimizda sayyohlik sohasida sakkiz yuzdan ziyod firma va kompaniya faoliyat yuritmoqda. Ularda malakali kadrlar – turoperator, gid va turli yo‘nalishdagi boshqaruvchilarga talab katta. Har yili turizm yo‘nalishidagi ta’lim dargohlarida o‘tkazilayotgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari bitiruvchilarga ishtirokchi firma va kompaniyalar faoliyati bilan yaqindan tanishish, ish taklif etuvchilarga esa yuqori malakali kadrlarni tanlash imkonini berayotir.

Anjumanda tur-operatorlar kasb mahoratini oshirish yo‘llari, sayyohlik jabhasida ta’lim tizimini rivojlantirish va sohada bandlikni ta’minlash, kadrlarni tayyorlashda ijtimoiy-psixologik omillar, turizm yo‘nalishida kadrlar tayyorlovchi o‘quv markazlarining roli, bir qator xorijiy mamlakatlar tajribasi misolida sayyohlikni rivojlantirish kabi ko‘plab mavzular bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari tomonidan tayyorlangan sayyohlik sohasida yangi innovatsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

So‘nggi yangiliklar:

Yosh iqtidorlar ko‘rigi

Rag‘bat va e’tibor tashabbusga undaydi

Iste’dod va mahorat ko‘rigi

Manzarali daraxtlar yanada ko‘paymoqda

Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasidan – ishga

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари