Bitiruvchilar ish bilan ta’minlanmoqda

Bitiruvchilar ish bilan ta’minlanmoqda

O‘zA, M.Sulaymonov, 30.03.2012 15:42

Furqat tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirayotgan Gulbahor Raimova “Navbahor aloqa kelajagi” kompyuter markaziga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashadigan bo‘ldi.

Joriy yil mazkur kollejni 8 yo‘nalish bo‘yicha 600 dan ziyod yigit-qiz bitiradi. Ularning aksariyati oldindan tuzilgan uch tomonlama shartnoma asosida ishga boradi.

– Zamonaviy o‘quv muassasamiz mustahkam moddiy-texnik bazaga ega, – deydi kollej direktori Muhammadamin Ahmedov. – O‘quvchilarimizning nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash, ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirishga alohida e’tibor bermoqdamiz. Bitiruvchilarimizning barchasi ish beruvchi tashkilotlarga biriktirilgan.

Keyingi yillarda tumandagi tijorat banklari, elektr va gaz tarmoqlari, maishiy xizmat ko‘rsatish va servis sohalarida kollejlarni bitirayotgan yosh mutaxassislarga talab oshib bormoqda. Natijada ta’lim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari kengaymoqda. Bunda “Kollej–bitiruvchi–korxona” hamkorligi asosida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Ayni paytda o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan 28 nafar bitiruvchimiz “Mikrokreditbank” bilan hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Tumanda oliy ma’lumot olishni istaydigan yoshlar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular uchun bepul tayyorlov-o‘quv kurslari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Joriy yilda Farg‘ona viloyatidagi 139 kasb-hunar kollejini 58 ming 155 nafar yigit-qiz bitiradi. Ta’lim maskanlarida ularni mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirish, oliy ta’limga yo‘naltirish bo‘yicha izchil amaliy ishlar olib borilmoqda. Viloyat hokimligi hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi hamkorligida kasb-hunar kollejlarida mehnat yarmarkalari o‘tkazilib, kollej, bitiruvchi, korxona va tashkilotlar o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilmoqda.

O‘tgan yili Farg‘ona va Qo‘qon shaharlari, Yozyovon, Dang‘ara, Farg‘ona, Rishton tumanlarida kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ish bilan ta’minlashda bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan edi. Viloyatning shahar va tumanlarida oltmishdan ortiq yangi korxonalar ishga tushirilishi, 91 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgani joriy yilda mazkur masalani ijobiy hal etish imkonini bermoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Yosh iqtidorlar ko‘rigi

Rag‘bat va e’tibor tashabbusga undaydi

Iste’dod va mahorat ko‘rigi

Manzarali daraxtlar yanada ko‘paymoqda

Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasidan – ishga

Javob berish