DO‘STLIK VA HAMJIHATLIK MASKANI

O‘zA, Toshqul Beknazarov, 17.10.2012 16:20

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mahalla institutining huquq hamda vakolatlarini kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ulkan ishlar chekka va olis hududlardagi o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Buni Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanidagi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini misolida ham ko‘rish mumkin.

Mazkur mahallada 3 ming 600 nafardan ziyod aholi yashaydi. Bugungi kunda mahalla hududida savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, tikuv sehi, elektr asboblari ustaxonasi, transportga xizmat ko‘rsatish korxonasi faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kolleji, tuman elektr tarmoqlari korxonasi, statistika, ijtimoiy ta’minot, bandlikka ko‘maklashish markazi kabi muassasalar joylashgani tufayli mahalla yanada gavjum.

Mahallada yigirmaga yaqin millat va elat vakillari xalqimizning ezgu fazilatlarini namoyon etgan holda o‘zaro hamjihat, ahil-inoq hayot kechirmoqda.

– Mahallamizda qaror topgan ijtimoiy-ma’naviy muhit yoshlarimizni ota-bobolarimiz an’analariga, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotir, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qaldirg‘och Tojiboyeva. – Prezidentimiz rahnamoligida millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash borasida olib borilayotgan xayrli ishlar, har bir millat va elatning milliy madaniyati, qadriyatlarini asrab-avaylashga qaratilayotgan ulkan e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Mahalladoshlarimiz jamiyatda o‘zaro hurmat muhitini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shib kelayotir.

– Millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlashda ajdodlar an’analarining o‘rni beqiyos, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisining diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maqsuda Yalg‘osheva. – Bayramlarimiz, to‘ylarimiz, turli marosimlarimiz ahillikda, kamxarj o‘tayotgani yoshlarimizga saboq bo‘layotir.

Mahallada yoshlar tarbiyasiga bugungi va ertangi kunimizning eng muhim vazifasi sifatida yondashilayotgani yaxshi natija bermoqda. Yoshlar bilan ishlash faqat profilaktika noziri, mahalla posboni zimmasiga yuklanmasdan, bu ishda faollar, ayniqsa, ko‘pni ko‘rgan keksalar ishtirok etayotgani yaxshi samara berayotir.

– Hududimizdagi kollej, maktab va maktabdan tashqari muassasalarda yoshlarni turli to‘garaklarga jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi profilaktika noziri Sherzod Qo‘qonov. – Bolalar sport, fan, turli kasb-hunar to‘garaklariga faol qamrab olinayotgani bois mahallada huquqbuzarlik holatlari umuman qayd etilmayotir. Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini foydali mashg‘ulotlarga sarflashi uchun ta’lim muassasalari, ota-onalar bilan hamkorlikda ish olib borayotirmiz. Mahallada kichkintoylar uchun bolalar maydonchasi tashkil etilgan.

Mahalla idorasida zarur adabiyotlar bilan jihozlangan ma’naviyat xonasining tashkil etilgani ham tarbiyaviy ishlarni yaxshilashga xizmat qilayotir. Bu yerda turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Har bir ish jamoatchilik vakillari, doimiy faoliyat ko‘rsatib kelayotgan fuqarolar yig‘ini oqsoqollar kengashi bilan bamaslahat amalga oshirilayotgani mahallada erishilayotgan yutuqlarning asosiy omili bo‘layotir. “Mustahkam oila yili” Davlat dasturi ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, huquqbuzarlikning oldini olish yuzasidan yoshlar bilan uchrashuvlar, suhbatlar, turli ma’rifiy tadbirlar muntazam o‘tkazib kelinayotir.

Mahallada kam ta’minlangan, ko‘p bolali oilalarni ijtimoiy himoyalash, ularga nafaqalar belgilash kengash a’zolarining fikrlari asosida amalga oshirilayotir. Oqsoqollar kengashi a’zolari bilan bamaslahat mahalladagi 10 oilaga tadbirkorlar homiyligida moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shu kunlarda mahalla faollari ko‘cha oqsoqollari ishtirokida bolalar muassasalarining, xonadonlarning qishga tayyorgarligini ko‘zdan kechirmoqda. Aniqlangan muammolar tegishli tashkilotlar ko‘magida hal etilayotir. Xonadon sohiblari bilan suhbatlarda yoshlar tarbiyasi, tabiiy gaz va elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanish, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash masalalariga ham e’tibor qaratilayotir. Bunday muloqotlarda mahallaning tinch-osoyishtaligini yanada mustahkamlash, kollejni bitirgan yoshlarni ish bilan ta’minlash kabi dolzarb masalalar muhokama etilayotir.

 

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари