Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

O‘zA, N.Abduraimova, 31.01.2012 19:00

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlatirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida fuqarolik institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari demokratik qadriyatlar, inson huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim omiliga aylanayotgani alohida ta’kidlangan.

Mamlakatimizda bunday tashkilotlar nufuzi oshib borgani sari fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va hokimiyat tuzilmalari faoliyati ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi roli tobora mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda jamoatchilik va fuqarolik nazorati instituti jamiyatning davlat bilan o‘zaro samarali aloqasini ta’minlash, odamlarning kayfiyatini, mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarga munosabatini aniqlashning muhim vositalaridan biriga aylanmoqda.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi ana shunday tashkilotlardan biri bo‘lib, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va boshqa bir qator tashkilotlar bilan hamkorlik asosida izchil faoliyat olib bormoqda. Poytaxtimizda mazkur markazning 2011 yilda amalga oshirgan ishlari tahlili va galdagi vazifalariga bag‘ishlab tashkil etilgan yig‘ilishda bu alohida qayd etildi.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi direktori R.Ubaydullayeva va boshqalar mamlakatimizni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini kuchaytirishga qaratilayotgan e’tibor o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi. Yurtimizda fuqarolarning eng muhim sotsial-iqtisodiy muammolarini hal etishga qaratilgan ikki yuzdan ortiq qonun hujjatlari qabul qilingani ham ularning izchil faoliyat ko‘rsatishida muhim ahamiyat kasb etayotir.

Ma’lumki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida insonning fikr erkinligi va uni erkin ifoda etish huquqi kafolatlangan. O‘zbekistonda jamiyat siyosiy tizimida yangi ijtimoiy-siyosiy munosabatlarning vujudga kelgani va bu jarayon huquqiy negiz bilan birga jamoatchilikning fikri asosida yanada rivojlantirilayotganligi yurtimizda demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyati izchil shakllanayotganining amaldagi ifodasidir.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, jamiyatda oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash masalasi jamoatchilik fikrini o‘rganish usul-uslublarining qay darajada rivojlangani bilan ham bevosita bog‘liqdir. Jamoatchilik fikri – fuqarolik jamiyatining holatini o‘zida aniq aks ettiradigan o‘ziga xos ko‘zgudir.

Shu ma’noda, 2011 yilda markaz tomonidan jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalari bo‘yicha yigirmaga yaqin ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi. Ulardan eng muhimlaridan biri – bu Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligi arafasida O‘zbekiston fuqarolarining o‘tgan davr davomida mamlakat hayotining muhim sohalarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga munosabatini aniqlashga qaratilgan so‘rovdir. Uning natijalari tahlili mamlakatimiz aholisi Prezidentimiz rahnamoligida istiqlol yillarida amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari samaralariga yuqori baho berganini ko‘rsatdi. So‘ralganlarning fikricha, bu boradagi yutuqlar qonunchilikning takomillashgani, qonun ustuvorligi tamoyiliga qat’iy amal qilinayotgani, fuqarolar murojaati sohasida, ularning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash, aholi huquqiy madaniyatining oshishi, sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlarni yoritish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari bilan ishlashda oshkoralikning ta’minlanishida o‘z ifodasini topmoqda.

Ijtimoiy tadqiqotlar ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zini huquqiy himoyalangan deb biladigan fuqarolar soni yil sayin ko‘paymoqda. Mazkur so‘rovda qariyb 90 foiz ishtirokchilar aynan shunday javob bergan. Aholining fikricha, mamlakatimizda fuqarolarning ta’lim olish, tibbiy yordamdan foydalanish, ijtimoiy himoyaga oid huquqlari ta’minlanmoqda, odamlarning mulk, mehnat qilish, qadr-qimmatini hurmat qilish bilan bog‘liq huquqlariga qat’iy rioya etilmoqda.

Shuningdek, o‘tgan yil davomida “Oila va jamiyat”, “Oilaviy biznes”, “Yoshlar va huquq”, “O‘zbekistonda xotin-qizlar bandligi”, “Yoshlarning hayotiy qarashlari va intilishlari”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojida banklarning o‘rni”, “Odam savdosi” kabi mavzularda jamoatchilik fikri keng o‘rganildi. Ushbu yo‘nalishlarda markaz tomonidan yigirmaga yaqin qo‘llanma va ilmiy monografiya chop etildi.

Yig‘ilishda 2012 yilda markaz tomonidan amalga oshiriladigan ishlar va galdagi vazifalar begilab olindi.

So‘nggi yangiliklar:

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Xorijdan xabarlar

Мулоҳаза билдириш