Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

O‘zA, Sayyora Shoyeva, 31.01.2012 17:48

Prezidentimiz Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yilning asosiy yakunlari va 2012 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisidagi “2012 yil Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘taradigan yil bo‘ladi” ma’ruzasida o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 6,6 foiz oshganini alohida ta’kidladi.

Mamlakatimizda 2011 yilda 6,8 million tonna g‘alla, 3,5 million tonnaga yaqin paxta, 8,2 million tonnadan ortiq sabzavot va poliz, qariyb 3 million tonna bog‘dorchilik mahsulotlari yetishtirildi. Shu bilan birga, 6,6 million tonna sut, 1,5 million tonnadan ortiq go‘sht, 3,5 milliard donadan ziyod tuxum tayyorlandi.

Fermer xo‘jaliklarida chorvachilik bilan birga parrandachilikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizda qirqdan ziyod parrandachilik fabrikasi va yirik fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Ularning har birida 50 mingdan bir milliontagacha parranda parvarishlanmoqda. Bu aholi dasturxoniga fayz-baraka kiritish bilan birga iqtisodiyotimizning yanada yuksalishiga xizmat qilayotir.

Sohada mahsuldorlikni oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish ustuvor vazifalardandir. Shu maqsadda mavjud parrandachilik fabrikalari qulay va zamonaviy tovuq kataklari bilan to‘liq ta’minlanmoqda. Ularda havo harorati va namligini maqbul me’yorda saqlash, suv va ozuqa bilan avtomatik ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. Parranda nasli yaxshilanayotgani ekologiya va sanitariya talablariga to‘la javob beradigan mahsulot tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda yurtimizda qariyb 4 millionta parranda parvarishlanib, aholi ehtiyoji uchun tuxum va parhez go‘sht ishlab chiqarilmoqda. 2011 yilda mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun 30 milliard 371 million so‘m bank kreditlari va 17 milliard 210 million so‘m fermer xo‘jaliklarining o‘z mablag‘lari sarflanib, 2 ming 376 ish o‘rni yaratildi.

Mazkur korxona va xo‘jaliklar tuxum va go‘sht yetishtirishga ixtisoslashtirilgan bo‘lib, tuxum yetishtirishda “Lomann”, “Braun”, “Rodonit”, “Xay-Layn”, “Sheyver”, go‘sht tayyorlash uchun “Ros-308”, “Xabbard-F15”, “Kobb” singari nasldor tovuqlar parvarishlanmoqda.

– Parranda – yetti xazinaning biri, parranda bor xonadondan go‘sht va tuxum uzilmaydi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Ismoilov. – Bu sohada tez mahsulot yetishtirish va foyda olish mumkin. Shuningdek, ko‘p xarajat ham talab qilinmaydi. Xona harorati mo‘tadil, ozuqa yetarli bo‘lsa, kifoya. Masalan, go‘sht yetishtirish uchun parvarishlanayotgan tovuq 40 kun ichida bemalol 2 kilogramm tosh bosadi. Bitta tovuqdan yiliga 305-315 donagacha tuxum olinadi. “Toshkentparranda”, “Buxoroparranda”, “Samarqandparranda”, “Xonqaparranda” kabi ilg‘or korxonalarning faoliyati bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Mazkur korxonalar modernizatsiya qilinib, xorijning naslli parrandalari bilan ta’minlangach, yuqori o‘sishga erishilmoqda. 2011 yilda parrandalar soni va tuxum tayyorlash 15 foizga oshdi.

Davlatimiz rahbarining 2008 yil 21 aprelda qabul qilingan “Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollar ko‘paytirishni rag‘batlantirishni kuchaytirish hamda chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori parrandachilik xo‘jaliklarining moddiy-texnik ahvoli yaxshilanishida muhim omil bo‘lmoqda. Mazkur qarorga ko‘ra, 2012 yilning 1 yanvariga qadar soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilgan edi. Natijada yirik xo‘jaliklarda bir milliard so‘mgacha mablag‘ iqtisod qilinib, ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltirildi. Jumladan, korxonalarda ozuqa tarkibi va kasalliklar tekshiriladigan zamonaviy laboratoriyalar tashkil etildi.

Prezidentimizning 2011 yil 30 dekabrdagi qaroriga asosan mazkur imtiyozlar 2014 yil 1 yanvargacha uzaytirilgani soha rivojida yana bir muhim qadam bo‘ldi. Demak, imkoniyatu sharoit yanada oshadi, faoliyat yanada kengayadi.

Sohada veterinariya xizmatining yaxshi yo‘lga qo‘yilgani tufayli xavfli kasalliklarning oldi olinmoqda. Bu borada ham zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Ilgari jo‘jalar 150 kunda tuxumga kirgan bo‘lsa, endi bu muddat 50-53 kunga qisqardi. Parhez go‘sht yetishtirish jarayoni 40-45 kunni tashkil etayotir. Mahsuldorlikni oshirish maqsadida 280 inkubator faoliyati yo‘lga qo‘yilib, 11,5 million boshdan ziyod jo‘ja olindi. Ular shartnoma asosida yangi tashkil etilgan xo‘jaliklar va aholiga yetkazib berildi.

Parrandachilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida yurtimizda bedanachilik xo‘jaliklari tashkil etilib, sanoat usulida shifobaxsh bedana go‘shti va tuxumi yetishtirish ham keng yo‘lga qo‘yilmoqda. Hozir go‘sht yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fabrikalarni kurkachilikka moslashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Bu esa parhez go‘sht yetishtirishni yanada ko‘paytirish imkoniyatini yaratadi. Mahsulot tayyorlash hajmining ortishi esa tizimda qayta ishlashni tashkil etish uchun keng yo‘l ochadi. Shu maqsadda parrandachilik fabrikalari qoshida zamonaviy firma do‘konlarini ishga tushirish, mijozlar talabidan kelib chiqqan holda, saralangan go‘sht mahsulotlarini yetkazib berish borasida izlanishlar olib borilmoqda.

Sohada uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, har bir qishloq tumanida ikkitadan parrandachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi tashkil etilishi yuqori samaralar bermoqda. Parranda mahsulotlari sezilarli darajada arzonlashdi. Joriy yilda parrandachilikni yanada rivojlantirish maqsadida mahalliy hokimliklar tomonidan 293 yangi parrandachilik xo‘jaligi tashkil etish ishlari boshlab yuborildi. Yangi xo‘jaliklarni moliyaviy ko‘llab-quvvatlash uchun banklar tomonidan 10 milliard 101 million so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratish belgilangan. Mazkur mablag‘ evaziga joriy yilda 756 mingdan ziyod parranda boqilib, qo‘shimcha 66 million dona tuxum va 320 tonnadan ziyod parhez go‘sht ishlab chiqariladi.

So‘nggi yangiliklar:

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Xorijdan xabarlar

Мулоҳаза билдириш