Yangi texnikalar ko‘rgazmasi

Yangi texnikalar ko‘rgazmasi

O‘zA, F.Xolmirzayev, 31.01.2012 15:03

Bahorgi ekish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli bajarish ko‘p jihatdan qishloq xo‘jaligi texnika vositalarining mavsumga qay darajada tayyorlanishi bilan bog‘liq.

Yakkabog‘ tumani “Agrotexservis” mashina-traktor parkida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda bu masalaga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Qamashi, Chiroqchi, G‘uzor, Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlari hokimlari, qishloq xo‘jaligi korxonalari vakillari, fermer xo‘jaliklari va qishloq fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etdi.

Seminar qatnashchilari Yakkabog‘ “Agrotexservis” mashina-traktor parkidagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlarining mavsumga qay darajada tayyorlangani bilan tanishdi. Tumanda ekish mavsumiga jalb etilishi ko‘zda tutilgan 136 chopiq traktori va kultivatorlar, 98 seyalka hamda 440 borona to‘liq ta’mirdan chiqarilib, tayyor holga keltirilgani qayd etildi.

Tadbir doirasida “O‘zqishloqxo‘jalikmashlizing” aksiyadorlik kompaniyasi hamda “Uz Class servis” mas’uliyati cheklangan jamiyatining viloyatdagi filiallari tomonidan zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikasi, turli ehtiyot qismlar va agregatlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

– Ko‘rgazmadagi texnikalar bilan tanishdik. Bizga “O‘z Keys Traktor” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan “New Holland” rusumli haydov traktori ma’qul keldi, – deydi G‘uzor tumanidagi “Hazrati Luqmon ota” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi Ashur Meyliyev. – Ushbu texnika yordamida yer haydash, boronalash, yumshatish, chizel qilish, kanal qazish, o‘g‘it sochish, maydonlarni tekislash va yuk tashish ishlarini bajarish mumkin ekan. O‘n yil muddatga lizing asosida beriladigan ushbu traktorni sotib olmoqchimiz.

Seminarda ko‘klamgi dala ishlarida foydalaniladigan texnika va agregatlar hamda g‘alla o‘rish kombaynlarini sifatli ta’mirdan chiqarish, ularni zarur ehtiyot qismlar bilan ta’minlash, chigit ekiladigan maydonlarni tekislash, pushta olish, o‘g‘itlash, g‘alla maydonlarini sug‘orish, dala chetlariga ko‘chat ekish ishlari muhim vazifalardan ekanligi ta’kidlandi.

So‘nggi yangiliklar:

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Xorijdan xabarlar

Мулоҳаза билдириш