Sportchi yoshlar saralanmoqda

Sportchi yoshlar saralanmoqda

O‘zA, L.Suvonov, 31.01.2012 14:58

Maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy “Umid nihollari” sport musobaqasining final bosqichi joriy yilda Navoiy viloyatida bo‘lib o‘tad.

Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan jismoniy tarbiya va sportni, xususan, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor farzandlarimizni har tomonlama sog‘lom va barkamol etib voyaga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bunda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan uch bosqichli sport musobaqalari alohida o‘rin tutadi.

Mazkur noyob tizimning dastlabki bo‘g‘ini – “Umid nihollari” sport musobaqalaridir. Ushbu tadbir bolalar sportini rivojlantirish, umidli sportchilarning yetishib chiqishiga zamin yaratish, sport vositasida mamlakatimiz yoshlarini jipslashtirish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Badiiy gimnastika, gandbol, suzish, futbol, voleybol, yengil atletika, shaxmat, stol tennisi, tennis, basketbol, kurash va belbog‘li kurash kabi sportning o‘n ikki turi bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda Toshkent viloyati yoshlari ham yuqori natijalarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Ular bu yilgi bahslarda ham viloyat sharafini munosib himoya qilishga astoydil tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.

Musobaqalarda viloyatdan 12 sport turi bo‘yicha 109 nafar o‘g‘il-qiz qatnashadi. Ular orasida mamlakat va xalqaro miqyosda o‘tkazilgan musobaqalarning g‘olib va sovrindorlari ko‘pchilikni tashkil etadi. Ayni paytda mazkur musobaqalarning shahar va tuman bosqichlari nihoyasiga yetdi. Ushbu bosqichda 34 ming nafardan ortiq o‘quvchining ishtirok etgani musobaqa nufuzi yildan-yilga oshib borayotganidan yaqqol dalolatdir.

– Yoshlarimizning sog‘lom bo‘lib voyaga yetishida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan “Umid nihollari” sport musobaqasining o‘rni beqiyos, – deydi O‘zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati Toshkent viloyati kengashi rahbari o‘rinbosari Shuhrat Rayimov. – Musobaqaning viloyat bosqichida yoshlar sportning 12 turi bo‘yicha o‘z iqtidorini namoyish etadi.

– 2011 yilda Filippinda bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionatida uchinchi o‘rinni egalladim, – deydi Chirchiq shahridagi 5-maktab o‘quvchisi Alisher Bekmurodov. – Bu Yurtboshimizning biz, yoshlarga qaratayotgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rligi samarasidir. “Umid nihollari – 2012” musobaqalarida ham yuqori o‘rinlarni qo‘lga kiritishga harakat qilaman.

Sport mamlakatning kuch-qudrati va salohiyatini namoyish etadigan, xalqning ruhini ko‘taradigan, olg‘a intilishga undaydigan ta’sirchan omillardan biridir. Shu bois mamlakatimizda shakllangan uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari tizimining yoshlarimiz o‘rtasida kuchli ommaviy harakatga aylangani nafaqat ustoz-murabbiylar, ota-onalar, balki barchamizni quvontiradi.

So‘nggi yangiliklar:

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Xorijdan xabarlar

Мулоҳаза билдириш