“Stekloplastik” mahsulotlariga talab katta

“Stekloplastik” mahsulotlariga talab katta

O‘zA, G‘. Hasanov, 31.01.2012 14:34

Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili yurtimizdagi ta’lim muassasalari, mahallalarda zamonaviy sport majmualari qurilmoqda.

Yosh avlodning har jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib o‘sishida sportning o‘rni beqiyos. Shu bois, mamlakatimizda sportni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yoshlar o‘rtasida turli sport musobaqalari o‘tkazilayotir. Xususan, umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari o‘rtasida “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalari tizimi joriy qilinib, mazkur tadbirlarni o‘tkazish uchun joylarda maxsus sport majmualari bunyod etilmoqda. Ushbu inshootlarni zarur sport inventarlari bilan ta’minlashda yurtimizdagi ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati muhim ahamiyatga ega.

Samarqand tumanidagi “Stekloplastik” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday korxonalardan. Bu yerda oltmish turdan ziyod sport jihozlari ishlab chiqarilib, yurtimizdagi ta’lim muassasalari, sport majmualariga yetkazib berilmoqda.

– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan sport jihozlarining asosiy xaridorlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hisoblanadi, – deydi korxona rahbari Ikrom Hasanov. – Ular bilan tuzilgan shartnomalar asosida keyingi o‘n yil davomida mamlakatimizdagi 500 dan ziyod akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, 1200 dan ortiq umumta’lim maktablariga zarur sport jihozlari yetkazib berildi. 2011 yilda 2 milliard 286 million so‘mlik sport jihozlari tayyorlash bo‘yicha buyurtmalar olinib, amalda to‘la bajarildi. Jumladan, Samarqand shahridagi “Dinamo” stadioni uchun 13 ming dona plastmassa o‘rindiq tayyorlab berildi. Termizda o‘tkazilgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari munosabati bilan bunyod etilgan stadionni o‘rindiqlar bilan ta’minlashga ham munosib hissa qo‘shdik.

Sport inventarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga davlatimiz tomonidan keng imkoniyat va imtiyozlar berilishi faoliyatimizni yanada kengaytirish, mahsulot turi va sifatini oshirishga xizmat qilmoqda. Har yili xorijdan zamonaviy texnologiyalar keltirish orqali yangi turdagi mahsulot tayyorlashni o‘zlashtiryapmiz. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturidagi ishtirokimiz ham kengayib bormoqda. Ayni paytda 32 xil sport jihozlarimiz mazkur dastur asosida tayyorlanmoqda.

Ta’kidlash joizki, mazkur korxona qariyb to‘rt yildan buyon ISO 9001:2008 sifat menejmenti tizimini joriy etgan holda faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu esa ishlab chiqarish hajmi va tayyorlanayotgan mahsulot sifatini oshirib borish, ta’lim muassasalarini maxsus mebel va sport jihozlari bilan ta’minlash bo‘yicha milliy va xalqaro tender tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Joriy yilda Navoiy shahrida yurtimizdagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkaziladigan “Umid nihollari” sport musobaqalariga tayyorgarlik jarayonida ham korxona faol qatnashmoqda. Mazkur tadbir o‘tkaziladigan stadion uchun 23 ming o‘rindiq tayyorlanmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Xorijdan xabarlar

Мулоҳаза билдириш