Mahalla bilan hamkorlik samarasi

Mahalla bilan hamkorlik samarasi

O‘zA, T.Beknazarov, 31.01.2012 13:23

“Namunali militsiya tayanch punkti” respublika ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Jizzax shahrining “Bobur” mahalla fuqarolar yig‘ini qoshidagi 27-militsiya tayanch punkti birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

“Bobur” mahallasi viloyat markazidagi namunali fuqarolar yig‘inlaridan biri. Mahallada olti mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hududda ikkita maktab, ellikdan ziyod turli korxona, muassasa, savdo va umumiy ovqatlanish hamda xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mahalla aholisining ko‘pchiligini yoshlar tashkil etadi. Maktab va kollej o‘quvchilarining soni ikki mingdan oshadi. Shuning uchun bu yerda yoshlar bilan ishlashga, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mahalla hududidagi ikkita stadion va sport maydonchasida muntazam ravishda turli musobaqalar o‘tkazib kelinayotir. Bir nechta sport seksiyasi va to‘garaklar ishlab turibdi.

Mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi binosida joylashgan militsiya tayanch punktida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida profilaktik ishlarni kuchaytirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Profilaktika katta inspektori, katta leytenant To‘rabek Qo‘nishev ko‘p yillardan buyon shu sohada ishlab kelayotgan tajribali militsiya xodimlaridan. U o‘tgan yili fuqarolar yig‘ini raisi, uning diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, mahalla faollari va posbonlari, xotin-qizlar komissiyasi a’zolari bilan hamjihatlikda samarali ish olib borib, hududda huquqbuzarliklarning kamayishiga erishdi.

– Hududimizda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash faqat profilaktika inspektori zimmasiga yuklatib qo‘yilmasdan, bu ishda jamoatchilikning faol ishtirok etayotgani yaxshi samara berayotir, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Norbek Esonqulov. – Barcha masalalarni mahalla oqsoqollar kengashi a’zolari, xotin-qizlar komissiyasi, faollar bilan bamaslahat hal qilmoqdamiz. Xususan, o‘tgan yili fuqarolardan tushgan 65 ariza va shikoyat atroflicha o‘rganilib, ijobiy hal etildi. Yoshlar hayoti bilan bog‘liq biror masalani e’tibordan chetda qoldirmaslikka harakat qilayotirmiz. 2011 yili mahallamizda voyaga yetmaganlar tomonidan birorta huquqbuzarlik holati sodir etilmaganini ana shu ishlarimiz berayotgan samaralardan, deyish mumkin.

So‘nggi yangiliklar:

Jamiyat taraqqiyoti va jamoatchilik fikri

Dunyo polvonlari Gretsiyada bellashdi

Bo‘lg‘usi chempionlar maktabi

Sifat va mahsuldorlik oshmoqda

Xorijdan xabarlar

Мулоҳаза билдириш