Tadbirkorlik – farovonlik omili

Tadbirkorlik – farovonlik omili

O‘zA, M.Sulaymonov, 01.02.2012 12:32

Prezidentimiz rahnamoligida izchil olib borilayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar o‘z samarasini berayotir. Farg‘ona viloyatida ham ishbilarmonlar safi tobora kengayib, ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar sifati va xaridorgirligi oshmoqda.

Buvayda tumanidagi “Ahmad Toj Haydar” xususiy korxonasida bolalar uchun trikotaj mahsulotlar ishlab chiqariladi. Korxona mahsulotlari nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham o‘z xaridoriga ega. O‘tgan yili bu yerda tayyorlangan bejirim bolalar kiyim-kechaklarining bir qismi eksportga chiqarildi.

– Ayni paytda maktab o‘quvchilari uchun forma va boshqa turdagi kiyimlar ham tikmoqdamiz, – deydi korxona rahbari Z.Tojimatova. – Mahsulotlarimiz yurtimizda ishlab chiqarilgan tabiiy matolardan tikilgani va yuqori sifati bilan xaridorlar e’tiborini tortmoqda. Davlatimiz tomonidan biz, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar faoliyatimizni yanada kengaytirish imkonini bermoqda.

Korxonada o‘ttiz nafardan ziyod xotin-qiz kasanachilik asosida mehnat qiladi. Bu yerda tashkil etilgan o‘quv kursida yoshlarga pishiriqlar tayyorlash, tikuvchilik kabi kasb-hunar sir-asrori o‘rgatilmoqda.

“Ibrat” shaharcha fuqarolar yig‘inidagi tadbirkor S.Yoqubova rahbarlik qilayotgan “Feruza” ko‘ptarmoqli firmasi yog‘och va plastik buyumlarni qayta ishlash va tikuvchilik sexlari, zargarlikka ixtisoslashgan maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, hammom, 80 o‘rinli oshxona va boshqa obyektlarni o‘z ichiga olgan. Bu yerda ko‘plab qishloq aholisi ish bilan ta’minlangan.

Yaqinda ushbu firmada non tayyorlash sexi ishga tushirildi. Natijada yana o‘n kishi kafolatli ish bilan ta’minlandi. Ayni paytda korxona tomonidan ushbu hududda sport maydoni va basseyn qurilmoqda.

Tumanda olib borilayotgan yangi obyektlar qurish, chekka qishloq va mahallalarda ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish, tadbirkorlikni rivojlantirish ishlari aholi turmush farovonligini yanada yuksaltirish va oilalar mustahkamligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

So‘nggi yangiliklar:

Fotogalereya: O‘zbekiston – maftunkor diyor!

Imkoniyatlar kengaymoqda

Sifatli xizmat – muvaffaqiyatlar omili

Yosh jurnalistlar o‘quvi

Denis “Devis kubogi”ga tayyorlanmoqda

Javob berish





Ойнинг машҳур мақолалари